Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiyda o‘z joniga qasd qilgan mahkum haqidagi xabarlar o‘rganilmoqda
OAVda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida 25 dekabr kuni soat 14:40larda 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda mahkum choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazasiga o‘rnatilgan temir panjaraga o‘zini osishi oqibatida vafot etgani qayd etilgan.

Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, ishga taalluqli maʼlumotlar so‘rab olindi.

Aniqlanishicha, 24 yoshli mahkum Samarqand viloyati Toyloq tumani sudining 2021 yil 10 noyabrdagi hukmiga kura, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) va 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ombudsmanga taqdim qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, marhum F.Q. muqaddam ruhiyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga moyilligi bo‘lgan mahkumlar ro‘yxatida turgan. Mahkum F.Q. jazo muddatini o‘tashi davomida 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya bo‘limida 2 marotaba davolangan.

Marhumning oila aʼzolari uning jazo muddatini o‘tashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelishmagani, faqatgina mahkum F.Q. ular bilan 6 marotaba telefon orqali suhbatlashgani aniqlandi.

Shuningdek, marhumning noodatiy xatti-harakatlari sababli muassasadagi boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada o‘tirishni istamaganligi sababli mahkum F.Q. 2023 yil 24 dekabr kunidan buyon alohida saqlangan.

Hozirda holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati