Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Farg‘ona viloyatida o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir 2023 yilning 5 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 13-sonli musiqa maktabida o‘tkazildi. Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur targ‘ibot tadbirida tumanning “Qayirma” va “So‘fi” MFY yig‘inlari fuqarolari ishtirok etishdi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi vakillari fuqarolarga  xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka oid holatlarga qarshi kurash, Mehnat qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar hamda aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini taʼminlash borasida olib borayotgan faoliyati haqida maʼlumot berishdi.

O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.

Tadbirdan so‘ng Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi  mintaqaviy vakili 20 nafarga yaqin fuqarolar murojaatlarini qabul qildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati