Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Ombudsman maktabi”loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir 2023 yilning 23 avgust kuni Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida o‘tkazildi. Unda aholini ijtimoiy himoya qilish va davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati aholiga yetkazildi. 300 nafarga yaqin fuqarolarni qamrab olingan tadbirda “Oxunboboyev”, “Ibrat”, “Do‘stlik”, “Ko‘tarma”, “Katta ko‘tarma”, “Katta polkon” MFYlarida yashovchi fuqarolar, mahalla raislari, mahalla xotin-qizlar va mahalla faollari va hokimiyat vakillari ishtirok etishdi.
Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotda fuqarolar tomonidan ichimlik suvi, gaz ballonlari va boshqa hal etilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy masalalar ko‘tarildi va ular mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan joyida bartaraf etishdi.
Shu kuni Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvoxidova fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati