Murojaat o‘rganilganda aniqlanishicha, murojaatchi Z.J.ning otasi B.J. birinchi turmush o‘rtog‘i vafot etgandan keyin A.U. bilan qonuniy nikohdan o‘tadi. Ularning birgalikdagi turmushlari davomida farzandi bo‘lmagan. Otasi 1995 yilda, turmush o‘rtog‘i A.U. esa 2010 yilda vafot etgan.
Fuqaro Z.J. ning otasi B.J. va o‘gay onasidan qolgan uy-joyni rasmiylashtirib berishni so‘rab qilgan murojaatiga asosan Forish tuman hokimligi 2015 yil 3 martda Forish tumani, Osmonsoy QFY, Yarashlov qishlog‘idagi uy-joylarni marhuma A.U. nomiga rasmiylashtirish haqida qaror chiqargan.
Shundan so‘ng fuqaro Z.J.ning qilgan murojaatiga ko‘p idoralar faqatgina “javob” berish bilan cheklangan.
Fuqaro Z.J. Ombudsmanga murojaatida otasidan qolgan uy-joydan hissa ajratilmaganligi natijasida farzandlari va nabiralari ro‘yxatga olinmaganligini, shu sababli ijtimoiy yordam va boshqa ko‘maklardan mahrum bo‘lganligini yozgan va qonuniy asosda yordam berilishini so‘ragan.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari birgalikdagi umumiy mulki hisoblanishi hamda Fuqarolik kodeksida mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismi merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanishi nazarda tutilgan. Murojaatchining uzoq yillar davomida qiynalganligi, ijtimoiy sharoitining og‘irligi sababli Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatida sudga daʼvo ariza kiritildi.
Sud fuqaro manfaatida kiritilgan Ombudsmanning daʼvo arizani to‘liq qanoatlantirib, fuqaro Z.J. B.J.dan qolgan mulkning birinchi navbatdagi vorisi deb topilib, meros mulkdan ulushi belgilab berildi.
Fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlari sud tomonidan tiklanganligi uning ko‘plab idoralarga qatnashiga chek qo‘ydi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati