Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan tub islohotlar, xususan aholi bandligini taʼminlash, ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida aholiga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini oshirishga qaratilgan.
“Ombudsman maktabi” tadbirida Navbahor tumanida yashovchi “Arabxona”, “Beshrabot”, “Kelachi”, “Ko‘xron” va boshqa MFY faollari va yoshlari, shuningdek keng jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
“Ombudsman maktabi” o‘quv mashg‘ulotida viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig‘i E.Avezov, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nabiyev, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i L.Xayrullayev, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.B. A.Mardoqulovlar tomonidan sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, aholiga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi.
Tadbirda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlardan aholini o‘z vaqtida va to‘laqonli xabardor qilish, ijtimoiy sohada olib borilayotgan tub islohotlarda, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda, aholi bandligini taʼminlash xususida so‘z yuritildi.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sh.Djurayev mintaqaviy vakilning murojaatlar bilan ishlash va harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirayotgan monitoring tashriflari, shu jumladan uning vakolat va vazifalari haqida fuqarolarga maʼlumot berdi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi “Ombudsman maktab”larida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar va yo‘nalishlar kelishib olindi.
Tadbirda so‘z olgan “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi “Ombudsman maktabi” loyihasi viloyatda ish boshlagani, yangilik va o‘ziga xos voqea bo‘lganligi, eng muhimi aholi uchun dolzarb va zarur ekanligi, bu shubhasiz fuqarolarni huquqiy bilimlarini oshirishda samarali vosita sifatida xizmat qilishiga urg‘u berib o‘tdi va kelgusida bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazishni yo‘lga qo‘yib Ombudsmanning mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda ishlashga mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari tayyor ekanliklarini bildirdi.
Tadbirda Navbahor tumani xokimi A.O‘roqov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi raxbari F.Quvondiqovlar ham qatnashib, so‘zga chiqdi va inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning muhim ekanligiga eʼtibor qaratdilar. Joylarda bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashlarini taʼkidlab o‘tishdi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati