29-sonli manzil-koloniyasi Jizzax viloyati, Jizzax shahar “A sanoat zonasida joylashgan. Koloniyaning sig‘imi 400 nafar mahkumga mo‘ljallangan. Tashrif kunida 429 nafar mahkum jazo muddatini o‘tab kelmoqda, shundan 401 nafari erkak, 28 nafari ayol mahkumlardir.
Monitoring davomida mahkumlarning 401 nafari yoki 93 foizdan ortig‘i ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilingan. Jumladan, 45 nafari koloniyadagi tikuv sexida, 2 nafari non sexida, 2 nafari Akfa sexida, 6 nafari temirchilik (WORKOUT) ustaxonasida, 4 nafari issiqxona (gulchilik) da, 20 nafari koloniyaning xo‘jalik (obodonlashtirish) ishlarida, 322 nafari shartnoma obyektlarida ish bilan taʼminlangan.
29-sonli manzil-koloniyasida bemor mahkumlar davolanishi uchun ambulatoriya tashkil etilgan bo‘lib, bir nafar oliy maʼlumotli vrach va bir nafar erkin yollangan hamshira ishlaydi. Ambulatoriyada birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 23 turdagi barcha dori-darmon va tibbiy vositalar mavjud. Yaroqlilik muddati o‘tgan tibbiy buyumlar yoki dori-darmonlar aniqlanmadi.
Muassasada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga oila aʼzolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar uchun koloniyadan aloxida binoda 12 xonadan iborat yotoqxona mavjud, shundan 11 ta xona mahkum oila aʼzolar turishi uchun, bitta xona televizor ko‘rish uchun ajratilgan. Yotoqxona va oshxonada ham barcha sharoitlar mavjud.
Mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvga kelgan oila aʼzolari bilan suhbatlashilganda ular yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini va eʼtirozlari yo‘qligini bildirishdi.
Muassasa maʼmuriyati mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvga kelgan oila aʼzolari kelishdan kamida uch kun oldin telefon orqali ogohlantirishlarini, yotoqxonadan uch kishilik xonaga 27 ming so‘m, ikki kishilik xonaga 13 ming 500 so‘m sutkalik haq to‘lash sharti bilan foydalanishliklarini, xonalar yetarli ekanligini maʼlum qilishdi.
Manzil-koloniyadagi erkak va ayol mahkumlar uchun yotoqxona binolari alohida-alohida tashkil etilgan va xonalar ko‘zdan kechirilganda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi va xona haroratining normal darajada ekani aniqlandi.
Mahkumlar himoyachisi bilan alohida uchrashishi uchun muassasa tashqarisida xona tashkil etilgan. Biroq, mazkur xonada kuzatuv videokamerasi mavjud. Ushbu holatga koloniya mutasaddilari tomonidan mazkur xonada boshqa koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning Jizzax viloyatida yashovchi oila aʼzolari onlayn tarzda uchrashuv o‘tkazishda foydalanilishini bildirildi.
Monitoring davomida mahkumlarning advokat bilan uchrashuv xonasi videokameradan holi bo‘lishi lozimligi va videokameradan holi bo‘lgan xona ajratish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Axborot xizmati