Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman xorijiy jurnalist bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini yoritish bo‘yicha mamlakatimizga yuzga yaqin xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishgan. Ulardan biri Qozog‘istondagi infozakon.kz yangiliklar portali bosh muharriri Marat Bashimov Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan ko‘rishish istagini bildirgan edi.

Joriy yilning 25 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha vakil yuridik fanlar doktori, professor, infozakon.kz yangiliklar portali bosh muharriri Marat Bashimovni qabul qildi.

O‘zaro muloqot davomida mehmon ko‘p yillardan buyon inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishida qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgani hamda qator xorijiy davlatlar Ombudsman institutlari faoliyatini o‘rganganini qayd etdi.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasida Ombudsman faoliyatiga oid alohida qonun mavjud emasligi sababli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonuni hamda so‘nggi yillarda Ombudsman faoliyatidagi o‘zgartirishlar bilan qiziqdi.

Feruza Eshmatova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun 1997 yilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib qabul qilingani va o‘tgan yillar mobaynida takomillashib borgani, Vakilga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga masalalar kiritish, majlislarida ishtirok etishi va sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etish, fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish, mahbuslar huquq va erkinliklarini himoya qilishni tashkillashtirish, ularni saqlash shart-sharoitlari bilan tanishish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga to‘siqlarsiz tashrif buyurish kabi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi zamonaviy va samarali mexanizmlarini taqdim etilganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida jurnalist savollariga batafsil javob olgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, Ombudsmanning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida samarali islohotlar amalga oshirilgani va ushbu ilg‘or tajriba ko‘plab davlatlar tomonidan o‘rganilib o‘z faoliyatiga tadbiq qilinishi maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati