Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mehr va hamdardlik – inson huquqlarining yuksak ifodasi
Dunyoda tinchlik va hotirjamlikka muhtoj millionlab insonlar orasida falastinliklar taqdiri ayniqsa og‘ir. Ko‘p yillik mojarolar, qurolli to‘qnashuvlar va inqirozlar natijasida minglab oilalar uy-joyidan, tinch hayotidan ayrilgan

Shu sharoitda O‘zbekistonning ularga ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatishi — nafaqat diplomatik yoki gumanitar qadam, balki inson huquqlarini amaliy ta’minlash yo‘lidagi katta siyosiy irodadir.

2023 yilda yurtimiz Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 million AQSh dollari ajratgan edi. Endi esa mamlakatimiz insonparvarlik qadamlari­ni yangi bosqichga olib chiqib, falastinlik fuqarolarni o‘z yurtiga olib kelib, ular uchun uy-joy, ijtimoiy nafaqa, ta’lim va tibbiy xizmat kabi barqaror hayotni ta’minlaydigan shart-sharoit yaratmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan Farmonga muvofiq, falastinlik fuqarolar vaqtincha yashash joylari, tibbiy ko‘rik va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

Shuningdek, ularning sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash, keksa yoshdagi shaxslarga nafaqa tayinlash, uy-joy ijarasi xarajatlarini qoplash, bir martalik moddiy yordam berish, farzand tug‘ilganda va dafn uchun nafaqa to‘lash kabi mexanizmlar ishga tushiriladi. Mehnatga layoqatli shaxslar kasb-hunarga o‘qitilib, tadbirkorlik dasturlariga jalb qilinadi.

Farmonning muhim jihatlaridan yana biri — nogironlikka olib keluvchi og‘ir kasallikka chalingan mehmonlarga davolanish muddatidan qat’i nazar nogironlik belgilash to‘g‘risidagi normadir. Odatda nogironlik rasmiylashtirilishi ma’lum davolanish jarayonidan keyin amalga oshiriladi. Bu esa vaqt talab qiladi. Ammo og‘ir ahvoldagi mehmonlar bir kun ham ijtimoiy himoyadan mahrum qolmasligi uchun yurtboshimiz tashabbusi bilan ularga nogironlikni darhol belgilash imkoniyati yaratildi.

Boshqa davlatlarda qochqinlar ko‘pincha faqat xayriya yoki qisqa muddatli yordamga qarab qoladi. O‘zbekiston tanlagan yo‘l esa yanada insoniy. Farmonga ko‘ra, har bir mehnatga layoqatli mehmon uchun har oy minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etilishi esa ularning kundalik ehtiyojlari davlat tomonidan kafolatlanishini anglatadi. Bu nafaqa qisqa muddatli xayriya yordami emas, balki ularning barqaror iqtisodiy tayanchga ega bo‘lib, jamiyatga moslashuviga ko‘maklashadigan mexanizmdir.

Ushbu kompleks chora-tadbirlar nafaqat boshpana, balki ularga hayotlarini yangi sahifadan boshlash va oyoqqa turishlariga, tinchlik va xavfsizlik ne’matidan bahramand bo‘lishlariga zamin yaratadi. Bu nafaqat davlat rahbarining insoniylik va adolatga sadoqatini, balki butun xalqimizning yuksak ma’naviy madaniyatini ko‘rsatadi.

Feruza ESHMATOVA,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman).