Bundan bir necha yillar oldin ham migrantlarga ikkinchi darajali odamlar, hatto “ishyoqmas”, “dangasa” deb qarash urfga kirgandi. Ularga ish topishda ko‘maklashish, xorijda munosib mehnat sharoiti yaratish, kafolatlangan huquqlarini va oilasini himoya qilish haqida o‘ylash hech kimning xayoliga kelmagan.
So‘nggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasiga munosabat tubdan o‘zgardi. Mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatildi, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.
Bu fuqarolarimizning chet elda ishlashi uchun sharoitlar yaratish, haq-huquqlarini himoya qilish, kafolatli mehnat bozori bilan ta’minlash, yurtimizga qaytib kelgandan keyingi taqdiriga befarq bo‘lmaslik kabi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi.
Eng muhimi, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, kasb-hunarga va chet tillarga o‘qitish orqali fuqarolarning xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashish, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish, xorijdan qaytgan fuqarolar bandligini ta’minlash borasida samarali ishlar qilindi.
So‘nggi yillarda xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz va oilasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar ko‘lami kengaydi, qonuniy migratsiyani ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari takomillashtirildi.
Ilgari bu yo‘nalishda 3 ta davlat bilan ishlangan bo‘lsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar qariyb 400 taga ko‘paydi. Chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni o‘n yilda ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘i to‘rt karra oshdi.
Asosiysi, mazkur masala davlatimizning doimiy diqqat e’tiborida. Jumladan, joriy yilning 2 noyabr kuni mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham bu borada vazifalar belgilanib, qator rag‘bat va imtiyozlar e’lon qilindi.
“Chet elda ishlayotgan har bir yurtdoshimiz — oilasining rizqi, farzandlari kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan haqiqiy mard insonlar. Ular ham bizning fuqarolarimiz, bizning farzandlarimiz!” dedi yig‘ilishda Prezidentimiz. Bu esa yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasining amaldagi ifodasidir.
Inson xorijga ishlashga ketganda uning huquqlari mamlakat chegarasida qolib ketmasligi kerak. U qayerda mehnat qilmasin, xavfsiz sharoitda ishlashi, mehnatiga yarasha haq olishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi hamda qiyin vaziyatda huquqiy himoyadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Mehnat migratsiyasi haqida so‘z yuritilganda odatda xorijda ishlayotgan fuqarolar soni, ular yuborayotgan pul mablag‘lari va ish o‘rinlari haqidagi raqamlarga e’tibor qaratiladi. Albatta, ular muhim ko‘rsatkichlar bo‘lsa-da, inson huquqlari nuqtai nazaridan yana bir mezon bor: xorijda mehnat qilayotgan fuqaro o‘zini qanchalik xavfsiz va himoyalangan his qilmoqda?
Davlatimiz rahbari tomonidan oilasi farovonligi va farzandlari kelajagi uchun Vatanidan olisda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning fidoyiligi e’tirof etilib, ular qayerda bo‘lmasin, davlatning qo‘llab-quvvatlovini his qilishi zarurligi ta’kidlangani insonparvarlik siyosati mohiyatini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Yig‘ilishda mehnat migratsiyasini faqat xorijda ish topish imkoniyati emas, balki fuqaroni kasbga tayyorlash, qonuniy ishga joylashtirish, huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash va Vatanga qaytgach, munosib mehnat faoliyatini davom ettirishiga ko‘maklashishni qamrab oladigan yaxlit tizim sifatida rivojlantirish vazifalari belgilandi.
Bu yondashuvning huquqiy asosi Konstitusiyamizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, unda O‘zbekiston hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatish kafolatlangan, har kim munosib mehnat qilishi, xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlashi va adolatli haq olishi huquqi belgilangan.
Demak, xorijdagi fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilish nafaqat ijtimoiy mas’uliyat, balki konstitutsiyaviy ahamiyatga ega vazifadir.
Migratsiyaga tayyorgarlik — huquqiy himoyaning birinchi bosqichi
Yig‘ilishda fuqarolarni xorijiy tillar va kasblarga maqsadli o‘qitish, aniq ish o‘rinlariga tayyorlash masalalariga katta e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Chunki kasbiy malaka va til bilish insonga nafaqat yuqori daromad topish, balki o‘z huquqlarini anglash, ish beruvchi bilan munosabatlarda o‘z manfaatlarini himoya qilish imkonini ham beradi.
Shu ma’noda, hududlarda migratsiya markazlarini tashkil etish, texnikumlarda xorijiy ish beruvchilar talabiga muvofiq kadrlar tayyorlash, til o‘rgatish va malaka sertifikatlarini olish imkoniyatlarini kengaytirishga oid vazifalar muhim ahamiyatga ega.
Biroq kasbiy tayyorgarlik huquqiy xabardorlik bilan birga kechishi zarur. Xorijga yo‘l olayotgan har bir fuqaro mehnat shartnomasining mazmuni, ish vaqti, ish haqi, tibbiy sug‘urta, yashash sharoitlari, shuningdek, huquqlari buzilganda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan vakolatli tashkilotlar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
Chunki o‘z huquqlarini bilgan inson mehnat munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suiiste’molchiliklarga nisbatan himoyalangan bo‘ladi.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari mas’uliyati ham inson manfaatlari bilan o‘lchanishi kerak. Shuning uchun xususiy bandlik agentliklari faoliyatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bilan birga ularning ochiq reytingini yuritish va bunda fuqarolar huquqlari himoyasi hamda ijtimoiy kafolatlarni asosiy mezonlardan biri sifatida belgilash maqsadga muvofiq.
Ombudsman sifatida bu jihatni alohida ahamiyatli deb hisoblayman. Sababi, fuqaroni xorijga ishga yuborish bilan agentlikning mas’uliyati tugamasligi lozim. Ishga joylashtirishda berilgan va’dalarning amalda bajarilishi, mehnat shartnomasiga rioya etilishi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va fuqaro huquqlari buzilganda unga ko‘mak ko‘rsatilishi ham muhim.
Agentliklar tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlari, xizmat haqi va mehnat shartlari haqidagi ma’lumotlar ochiqligi fuqarolarni aldangan holda noqonuniy vositachilik va odam savdosi xavfidan himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbarining yig‘ilishda bildirgan quyidagi so‘zlari juda muhim: “Chet elda mehnat qilayotgan birorta yurtdoshimiz o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak, Vatanining himoyasini sezishi zarur”.
Qolaversa, qiyin vaziyatga tushgan fuqarolarning “Onlayn mahalla” platformasi orqali murojaat qoldirish imkoniyati yaratilishi, zarur hollarda elchilarning xorijda ishlayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish, ularning ish beruvchilar bilan yuzaga kelgan muammolarini hal etish, ish vizalari va mehnat kvotalari masalalarida ko‘maklashish bilan shaxsan shug‘ullanishi belgilandi.
Bunda eng muhim jihat murojaatning qabul qilinishi bilangina cheklanmay, unda ko‘tarilgan masalaning vakolatli organlar tomonidan o‘z vaqtida va natijali ko‘rib chiqilishidir.
Shu jihatdan xorijiy davlatlarning ombudsmanlari bilan fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, huquqiy yordam mexanizmlarini takomillashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish ombudsman instituti faoliyatida muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.
Migratsiyaning ijtimoiy ta’siri faqat xorijda ishlayotgan inson bilan cheklanmaydi. Uning ortida oila, farzandlar, keksa ota-onalar bor. Mehnat migratsiyasi oila daromadini oshirish bilan birga ayrim hollarda farzandlar tarbiyasi, ta’lim olishi, oila a’zolarining ijtimoiy va ruhiy holati bilan bog‘liq masalalarni ham yuzaga keltiradi.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan hokimlarga xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning oilalari, ota-onalari va farzandlarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi yuklatildi.
Bunday qo‘llab-quvvatlashda bolalar manfaatlari ustuvor bo‘lishi, ularning ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari ta’minlanishi zarur.
Kelajakka ishonch
Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir muhim masala xorijda orttirilgan ish staji va pensiya huquqlarini tan olish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Bugun fuqarolarimiz 40 dan ortiq davlatda qonuniy mehnat qilib, pensiya badallarini to‘lamoqda. Ushbu yInson xorijda o‘n yillab mehnat qilib, Vataniga qaytganida uning mehnat faoliyati va ijtimoiy kafolatlari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Shuning uchun ish staji va pensiya huquqlarini tan olish bo‘yicha davlatlararo kelishuvlarga erishish ijtimoiy adolatni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir.
Yig‘ilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolar bandligini ta’minlash ham e’tibor markazida bo‘ldi. Unda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon 1 million 116 ming fuqaro xorijdan qaytgan. Yil yakuniga qadar ularning 250 ming nafariga munosib ish topishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
Migratsiyadan qaytish inson uchun yangi qiyinchiliklar boshlanadigan davrga emas, balki to‘plagan tajribasini o‘z yurtida qo‘llash imkoniyatiga aylanishi kerak.
Masalaning yana bir jihati bor. O‘zbekistonga ishlash uchun kelayotgan xorijlik fuqarolar huquqlarini ta’minlash ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Shuning uchun migratsiya jarayonlarini tartibga solishda milliy mehnat bozori manfaatlari bilan birga, xorijiy fuqarolarning qonuniy huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi ham muhimdir.
Umuman olganda, Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar mehnat migratsiyasiga faqat iqtisodiy va ijtimoiy jarayon emas, balki inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlash nuqtai nazaridan ham yondashish zarurligini ko‘rsatdi. Bu esa ombudsman instituti zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Zero, xorijdagi fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilishda eng muhim mezon ularning qonunlarda belgilangan kafolatlardan amalda foydalana olishidir. Shu bois, ombudsman xorijdagi yurtdoshlarimizning murojaatlarini o‘rganish, huquqlari buzilganda vakolatli idoralar bilan hamkorlikda huquqiy himoya mexanizmlarini ishga solish, shuningdek, parlament diplomatiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida xorijiy davlatlar ombudsmanlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va amaliy hamkorlikni kengaytirish, ularning institusional imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolarimiz huquqlarini tiklashga ko‘maklashish hamda mavjud huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb biladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oilasi farovonligi, farzandlari kelajagi uchun olis yurtlarda halol mehnat qilayotgan har bir inson hurmatga munosib. Bu hurmat faqat e’tirofda emas, uning huquqlari himoya qilinishida, murojaatlariga e’tibor berilishida, og‘ir vaziyatga tushganda yordam qo‘li cho‘zilishida ham namoyon bo‘ladi.
Zero, fuqaro davlat himoyasini, eng avvalo, qiyin vaziyatda yolg‘iz qolmaganida his qiladi. Vatanidan qanchalik olisda bo‘lmasin, uning huquqlari, qadr-qimmati va manfaatlari e’tibordan chetda qolmasligi barchamizning mas’uliyatimizdir.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)






