Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardorlik darajasi past ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun joriy yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazilib, ularda minglab fuqarolar qamrab olindi.