Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Samarqand viloyatidagi yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi
2026-yilning 19-20-noyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Ombudsman huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan Samarqand viloyatidagi qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoringning dastlabki kuni Samarqand va Urgut shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonalari, viloyat maxsus qabulxonasi, 38-sonli manzil-koloniya, Urgut nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” ayollar internat uyi, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Samarqand viloyati filiallaridagi sharoitlar o‘rganildi.

Tashrifning ikkinchi kunida esa 7-son tergov hibsxonasi, Ishtixon tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi va Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish Ishtixon tumanlararo punkti (hushyorxona)dagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Monitoring tashriflari davomida mazkur muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari o‘rganilib, zarur dori vositalari bilan ta’minlanganlik hamda yuvinish sharoitlari sanitariya-gigiyena talablariga mosligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi. Mahkumlarning murojaat qilish huquqini ta’minlash doirasida muassasalardagi «Ombudsman qutisi»ning holati va daxlsizligi ham o‘rganildi.

Tashrif doirasida 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tibbiy ko‘rikka hududiy shifoxonalarning 10 dan ortiq yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etilib, hibsxonada saqlanayotgan 400 nafarga yaqin shaxslar tekshiruvdan o‘tkazildi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga taklif va tavsiyalar taqdim etiladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib sharoitlarni ta’minlash yuzasidan tegishli tashkilotlarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritiladi.

Ma’lumot uchun: 2026-yilning 9 oyi davomida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklida jami 61 ta ta’sir chorasi kiritilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati