Navbatdagi ochiq muloqotlar Andijon, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazildi. Dastlab, murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tegishli masʼul idora vakillari jalb etildi.
Tadbirlar davomida 1000 nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi. Jumladan, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi Qalaychorbog‘, “Bo‘zachi”, Buxoro shahridagi Narshaxiy, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Mustaqillikning 27 yilligi”, “Xidirsha”, “Mustaqillikning 30 yilligi”, Namangan viloyati Chust tumanidagi “Buloqboshi” va “Bozorboshi”, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “Do‘stlik”, “Oqjar”, “Istiqlol”, “Bog‘iston” va “Gulbog‘”, Termiz tumanidagi “Quyoshli yurt”, “Amir Temur”, “Termiz”, “Qoraxon”, “Istiqlol”, “Do‘stlik”, “Ayratom”, “Jo‘yjangal” va “Navro‘z”, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “Oqtosh”, “Boshchorbog‘”, “Beliboyli”, “Chambil”, Kasbi tumanidagi “Oqqamish”, “Mesit”, “Kasbi”, Koson tumanidagi “Esaboy”, “Hamroh”, Navoiy viloyati Konimex tumanidagi “Yuksalish”, “Birlik”, “Guliston”, “Sho‘rko‘l”, “Sho‘rtepa” va “Navro‘z” hamda boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat munosabatlari hamda mehnat migratsiyasiga oid qonunchilik talablari, shuningdek boshqa dolzarb masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Ochiq muloqotlardan so‘ng, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarining sayyor qabullari ham o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi, Andijon viloyatidagi Aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi talabalari ishtirokida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvlarda o‘quvchi va talabalarga yoshlarga oid davlat siyosati, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar haqida maʼlumot berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






