Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan tadbirga sud, bandlik, ta’lim, ijtimoiy himoya sohalari vakillari hamda psixologlar jalb etildi. Ayni vaqtda mazkur markazda 16 nafar ayol va ularning 34 nafar farzandi yashamoqda.
Tadbir doirasida ayollar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalarga oid murojaatlari qabul qilindi.
Xususan, 3 nafar ayolga sudga ariza kiritish va aliment undirish tartibi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi. Ishlash istagini bildirgan 8 nafar ayolga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, jumladan, obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatish va ta’lim sohasidagi vakant o‘rinlar tavsiya etildi.
Shuningdek, bir nafar ayolning 6 yoshli farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirildi. Yana bir ayolning farzandi Termiz shahridagi umumta’lim maktabining sport to‘garagiga qabul qilindi.
Ombudsmanning mintaqaviy vakili hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili tomonidan 5 nafar ayolning ijtimoiy-iqtisodiy masalalari o‘rganildi. Natijada bir nafar ayolga nogiron oila a’zosini parvarishlash uchun har oy 600 ming so‘m miqdorida ish haqi to‘lash belgilandi.
Voyaga yetmagan 5 nafar farzandi bilan reabilitatsiya markazida yashayotgan yana bir ayolga markazdan chiqqanidan so‘ng, turar joy ijara haqini 12 oy davomida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish belgilandi.
Bundan tashqari, markazdagi ayollar va ularning farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan kelishuvga erishildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






