Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tomonidan sudga kiritilgan daʼvo arizasidan so‘ng fuqarolar foydasiga 35 mln so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga ishlab chiqarishda jarohat olgan 2 nafar xodimga qonunchilikda belgilangan har oylik to‘lovlar amalga oshirilmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Aniqlanishicha, xususiy korxona 1997 va 1999 yillarda ishlab chiqarishda jarohat olgan ikki nafar fuqaroga belgilangan kompensatsiya to‘lovlarini 2024 yil avgust oyidan eʼtiboran to‘lamay kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 322-moddasiga muvofiq, xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlarda xodimga yo‘qotilgan ish haqi uchun yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash tarzida amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudiga fuqarolar manfaatida daʼvo arizalari kiritildi.

Sudlar tomonidan Ombudsman daʼvo arizalari qanoatlantirilib, 2 nafar murojaatchiga 35 mln so‘mga yaqin to‘lovlar undirilishi belgilandi.

Fuqarolar bilan qayta bog‘lanilganda, sud qarori to‘liq ijro etilgani hamda belgilangan pul mablag‘lari to‘liq undirilgani tasdiqlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati