Tashriflar chog‘ida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnatga jalb etilish, yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv, murojaat qilish kabi huquqlarining taʼminlanish holati o‘rganildi. Kameralar va xonalarda sanitariya holati, videokuzatuv tizimi, advokatlar bilan uchrashish va pochta hamda yo‘qlovlarni olish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Aniqlanishicha, Uychi tumanida joylashgan 6-son tergov hibsxonasida yangi bino ishga tushirilib, 200 nafardan ortiq shaxslar uchun sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Hibsxonadagi monitoring davomida Ombudsman qutisi orqali kelib tushgan 3 ta murojaat qabul qilindi. Sayyor qabul jarayonida 8 nafar shaxsning murojaati eshitildi va ularga huquqiy maslahatlar berildi. Shu bilan birga mahkumlardan biriga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Namangan viloyati IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida 98 ta videokuzatuv kamerasi va radio eshittirish tizimi soz holda ishlayotgani qayd etildi. Shuningdek, hududda mahbuslarning yaqinlari uchun kutish zali, savdo do‘koni va hojatxona qurilishi rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
Pop tumanida joylashgan 6-son jazoni ijro etish koloniyasida bayram munosabati bilan 203 nafar mahkumga turli rag‘batlantirish choralari (tashakkurnoma, telefondan foydalanish, uchrashuvlar, uzatmalar) qo‘llanilgan edi.
Shuningdek, “Oshpazlik” yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kursini yakunlagan 30 nafar mahkum sertifikat oldi va ular tayyorlagan taomlar bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Monitoringda jamoaviy tartibda 876 nafar, holi tarzda esa 7 nafar mahkum bilan suhbatlar tashkil etildi va ularning murojaatlari o‘rganildi.
Namangan shahridagi maxsus qabulxonada esa avvalgi monitoringda qayd etilgan texnik va infratuzilmaviy kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgani va qabulxona faoliyati belgilangan talablarga mos holda yo‘lga qo‘yilgani maʼlum bo‘ldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati