Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.X. jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan so‘ng, probatsiya nazoratidan chiqarilgani va chet davlatlarga chiqish uchun taʼqiq yo‘qligi haqida maʼlumot olish maqsadida Farg‘ona tuman probatsiya bo‘limiga murojaat qilgan. Ammo masʼul xodim uning murojaatini qabul qilmagani natijasida fuqaroning Konstitutsiyada kafolatlangan murojaat qilish hamda chet davlatlarga erkin chiqish huquqlari cheklangan.
Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili holatni viloyat IIB JXX probatsiya boshqarmasi va tuman IIB xodimlari ishtirokida o‘rgandi. Natijada probatsiya bo‘limi inspektori, mayor B.M.ga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Shu bilan birga, fuqaro S.X.ga probatsiya nazoratidan chiqarilgani va chet davlatlarga chiqish uchun taʼqiq yo‘qligi haqida rasmiy maʼlumot taqdim etildi.
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida fuqaro M.P. “D” hisobda turishiga qaramasdan, oilaviy shifokori tomonidan bir necha oy davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagani va zarur dori vositalari bilan taʼminlanmagani haqida murojaat qilgan.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida holatni o‘rgandi va fuqaroning tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini tiklanishiga ko‘maklashdi. Hozirda murojaatchiga boshqa masʼul mutaxassis biriktirilib, kerakli dori vositalari bilan taʼminlandi.
Navoiy viloyati Karmana tumanida esa fuqaro N.M. farzandi maktabgacha taʼlim muassasasida bo‘lganida qo‘li singani, muassasa xodimlari esa shifoxonaga emas, tabibga olib borishganini bildirgan.
Mazkur murojaat Karmana tuman IIB tomonidan qonuniy tarzda ko‘rib chiqilib, xizmat tekshiruvi tayinlandi. Xulosaga ko‘ra, bolaning xavfsizligiga eʼtiborsizlik yo‘l qo‘ygan tarbiyachi G.J. bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, yordamchi tarbiyachi O‘.U.ga esa “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati