Tashriflar chog‘ida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnatga jalb etilish, yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv, murojaat qilish kabi huquqlarining taʼminlanish holati o‘rganildi. Kameralar va xonalarda sanitariya holati, videokuzatuv tizimi, advokatlar bilan uchrashish va pochta hamda yo‘qlovlarni olish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
11-son tergov hibsxonasiga o‘tkazilgan monitoring tashrifi doirasida xo‘jalik ishlariga biriktirilgan mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlash mezonlari bo‘yicha komissiya yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Komissiya aʼzolari tarkibida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili ham ishtirok etdi. 12 nafar mahkumga tuzalish yo‘liga o‘tganligi bo‘yicha xulosa rasmiylashtirildi.
Shuningdek, monitoringlar davomida “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi, ayrim muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari bevosita eshitildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati