Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlari
2025 yil 11 avgust kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiyaning Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida “Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlari” mavzusida ikki kunlik seminar boshlandi.

Seminarda Latviyaning “Marta” markazi espertlari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devoni xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishmoqda.

Mavzuning ahamiyati shundaki, kiberzo‘ravonlik holatlarini to‘g‘ri aniqlash, jabrlanuvchilarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, idoralararo hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish uchun Ombudsman xodimlari zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Bu, o‘z navbatida, aholi o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish va xalqaro tavsiyalarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, internet makonida har o‘ninchi ayol 15 yoshidan boshlab kiberzo‘ravonlikning maʼlum bir turiga duch keladi. Yevropa gender tengligi institutining tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, kiberzo‘ravonlik har qanday insonga taʼsir qilishi mumkin. Ammo ayollar va qizlar uning asosiy nishoniga aylanish ehtimoli yuqori. Bunday zo‘ravonlik ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, moliyaviy qiyinchiliklarga ham olib kelishi mumkin.

Seminar doirasida ishtirokchilar kiberzo‘ravonlikning turlari va shakllari, kamsitishning internet makonidagi ko‘rinishlari, shuningdek, “ifoda erkinligi” bilan kamsituvchi kontent o‘rtasidagi farqlar haqida maʼlumotga ega bo‘lishmoqda. Amaliy mashg‘ulotlar orqali real hayotiy holatlar tahlili, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish usullari, raqamli dalillar bilan ishlash, xalqaro tajribalar asosida kiberzo‘ravonlikni erta aniqlash va uning oldini olish vositalari o‘rganiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati