Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan bir qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda monitoring tashrifi amalga oshirildi. Jumladan, 20, 17- va 1-son Jazoni ijro etish koloniyalari, 4-son Tergov hibsxonasi, Kogon shahrida joylashgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxona hamda Buxoro shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar uyidagi sharoitlar o‘rganildi. O‘rganishlar davomida muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ham tekshirilib, mahkum va mahbuslar murojaatlari qabul qilindi.

Monitoring tashrifi davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy xizmatlardan foydalanish sharoitlari ko‘zdan kechirildi.

17-son Jazoni ijro etish koloniyasidagi uzoq muddatli uchrashuv xonalaridagi sharoitlar ham o‘rganildi. Maʼlum bo‘lishicha, hozirda qo‘shimcha yana 5 ta xona qurilgan bo‘lib, ular soni 15 tani tashkil etadi. Lekin, shunda ham uchrashuv xonalari soni mahkumlar soniga nisbatan kam bo‘lib, bu esa uchrashuvlar davriyligini taʼminlashda qiyinchilik tug‘dirayotgani maʼlum bo‘ldi. Ombudsmanga maʼlum qilinishicha yangi uchrashuv xonalarini qurish masalasi 2025 yil 4-chorak xarajatlar smetasiga kiritilgan.

Mahkumlar bilan o‘tkazilgan holi tarzdagi uchrashuvlarda ular murojaatlari qabul qilindi. Jumladan, eshitishda muammosi bo‘lgan mahkum kasalxonada davolanishni so‘radi. Ushbu murojaat bo‘yicha mahkumning sog‘lig‘iga oid maʼlumotlar Tibbiyot punkti vakili bilan ko‘rib chiqilib, mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Yana bir mahkum uch nafar voyaga yetmagan farzandi uchun ijtimoiy yordam so‘rab murojaat qildi. Bu masala Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda hal etildi.

Shuningdek, 20- va 1-son Jazoni ijro etish koloniyasida ham mahkumlar bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi. Sayyor qabulda “Ombudsman quti”sida murojaatini qoldirgan mahkumlar bilan ham uchrashildi va murojaatiga oid holatlar aniqlashtirildi.

4-son Tergov hibsxonasida o‘tkazilgan monitoring chog‘ida xotin-qizlar saqlanayotgan kameralar, voyaga yetmaganlarga taʼlim berish holati, shuningdek, xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. O‘rganish davomida tergov hibsxonasida jazo muddatini o‘tayotgan va xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlarga yaqin qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuv uchun xonalar ajratilishi tavsiya qilindi.

Kogon shahrida joylashgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonaga ham monitoring natijalariga ko‘ra tavsiyalar berildi

Buxoro shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar uyida o‘tkazilgan monitoring chog‘ida tibbiy xizmat ko‘rsatish, parvarish va maishiy sharoitlar o‘rganildi. Ushbu muassasada saqlanayotgan bemor ayollar uchun ginekolog va stomatolog mutaxassislariga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.

Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlari kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati