Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijon viloyatidagi hibsxonalarda va maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslar Ombudsmanga qanday masalada murojaat qilishdi?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Jasur Ibroximov 2025 yil iyul oyi davomida viloyatdagi qator hibsxonalarda monitoring tashrifini amalga oshirdi va sayyor qabul o‘tkazdi.

Qo‘rg‘ontepa va Izboskan tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi sharoitlar, kameralar, ovqatlanish, tibbiy xizmat va sanitariya va gigiyena holati o‘rganildi. Avvalgi monitoring yakunlariga ko‘ra kiritilgan taqdimnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, muassasada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi va murojaatlari qabul qilindi.

Qo‘rg‘ontepa tumani vaqtincha saqlash hibsxonasidagi monitoring vaqtida esa, bir ayblanuvchi tergov jarayoniga oid murojaat qoldirdi. Mazkur murojaat, darhol Ombudsman nazoratiga olinib, qonuniy harakatlar boshlandi.

Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakili tomonidan 3-son tergov hibsxonasida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 25 nafar mahbus murojaatlari qabul qilindi. Suhbat davomida tergovda advokat bilan taʼminlanish, sud hujjatlarini olish, yaqinlari bilan uchrashuv va huquqiy maslahat olish kabi masalalar ko‘tarildi. Baʼzi murojaatlar joyida hal etildi, ayrimlari esa nazoratga olindi.

Shuningdek, viloyatdagi Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonaga ham monitoring o‘tkazildi.

Monitoring davomida muassasada 201 nafar shaxs saqlanayotgani aniqlandi, bu belgilangan sig‘imdan ortiq ekanligini ko‘rsatdi. Suhbat paytida 190 nafar shaxs bilan jamoaviy uchrashuv o‘tkazilib, ularning aksariyati mayda bezorilik, jamoat joyida spirtli ichimlik isteʼmoli yoki aliment to‘lamaganlik kabi maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun ushlangani maʼlum bo‘ldi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritilgani maʼlum qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati