Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Respublikamizdagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari davom etmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan navbatdagi monitoring tashriflari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlarida joylashgan internat uylari hamda bir qator penitensiar muassasalarida o‘tkazildi.

Tashriflar davomida Nukus shahar, Urgut tumani va Sirdaryo viloyati “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uylari, Xiva va Urgut tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uylari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 2, Samarqand viloyatidagi 7 va Buxoro viloyatidagi 4-son tergov hibsxonalari, Samarqand, Xorazm va Buxoro viloyati maxsus qabulxonalari, Sirdaryo viloyatida joylashgan Guliston shahar Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Psixiatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand viloyati filiali, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 17-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi va viloyat IIB JTSB reabilitatsiya qilish markazidagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish, yaqin qarindoshlar bilan uchrashuv sharoitlari, kutubxona, tergov va advokatlar xonasi, sayrgoh, to‘garaklar xonasi, issiqxona, fizioterapiya va davolash xonalari, sport maydonchasi, tintuv xonasi, oziq-ovqat va dori-darmon vositalarini saqlash hamda kameralardagi havo almashtirish va radioeshittirish moslamalari, hududlardagi videokuzatuv kameralarining ishchi holati o‘rganildi.

O‘rganish jarayonlarida Aniqlanishicha, Samarqand viloyati maxsus qabulxonasida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar belgilangan meyordan oshib ketgan.

Bundan tashqari, Xivadagi “Muruvvat” internat uyi oshxonasi va yuvinish xonalarida qator kamchiliklar aniqlandi. Guliston shahar Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanuvchi shaxslar uchun esa kutubxona va yaqin qarindoshlar bilan uchrashuv xonalari tashkil etilmagani hamda kameralar radioeshittirish vositalari bilan taʼminlanmagani maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, monitoring tashriflarida “Ombudsman quti”lariga kelib tushgan murojaatlar qabul qilinib, ariza mualliflari bilan yakka tartibda va jamoaviy suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari