Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.

Xususan, elektron auksionda ishtirok etish maqsadida to‘langan 13,8 mln so‘m mablag‘i bank hisob raqamiga qaytarilgan bo‘lsa-da, murojaatchiga amalda pul o‘tkazilmagani bo‘yicha yo‘llangan shikoyat joyida hal etildi. Mintaqaviy vakilning saʼy-harakatlari bilan mablag‘ fuqaroga to‘liq qaytarildi.

Shu kabi o‘rganishlar Ombudsmanning Namangan va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tomonidan ham amalga oshirildi.

Ushbu murojaatlarda ijtimoiy taʼminot, uy-joy, qurilish ishlaridan norozilik, mahbusning ijtimoiy taʼminotiga oid masalalar ko‘tarilgan bo‘lib, ular ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi.

Qayd etish lozimki, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha maʼlumotlar yetarli bo‘lmaganida hamda aniqlashtirish lozim bo‘lgan holatlar mavjud bo‘lganida joyiga chiqib o‘rganishlar tashkil etiladi.

Mazkur shikoyatlarning ayrimlari masala o‘rganilayotgan joyning o‘zida hal qilingan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar to‘planmoqda va ular bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. O‘rganish natijalariga bo‘yicha tegishli taʼsir hujjati tayyorlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati