Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tomonidan bir qator yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Joriy haftada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari Ombudsman huzuridagi qiynoqqa solish hollarining oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari bilan Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirishdi.

Xususan, Buxoro viloyatida joylashgan 1 va 20-son Jazoni ijro etish koloniyalari, 4-son tergov hibsxonasi, Jondor, Romitan tumanlari va Kogon shahar Mastlik holatida bo‘lgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish markazlari, Samarqand viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi, Andijon viloyatidagi Qo‘rg‘ontepa va Paxtaobod bo‘limlari mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, 3-son tergov hibsxonasi, Qo‘rg‘ontepa tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi, Qo‘rg‘ontepa tumani Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Xorazm viloyatida joylashgan 11-son tergov hibsxonasi, viloyat Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 41-son manzil-koloniyasi hamda Toshkent shahrida joylashgan ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi ko‘zdan kechirildi.

Mazkur penitensiar muassasalaridagi yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot va davolash bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, kutubxona, sport zal, basseyn, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonasi, issiqxona, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar hamda hududlardagi havo almashtirish tizimi va videokuzatuv kameralari holatiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganish jarayonlarida Qo‘rg‘ontepa tumani hushyorxonasidagi kameralar va yuvinish xonalarining sanitariya talablariga nomuvofiqligi, devorlar ta’mirtalab darajaga kelganligi, video kuzatuv moslamalari ovoz yozishga mo‘ljallanmagani, ba’zilari esa ishchi holatda emasligi hamda Paxtaobod tumani hushyorxonasida video kuzatuv kameralari yo‘qligi va choyshablar o‘rniga salafanlar to‘shalgani ma’lum bo‘ldi. Xorazm viloyati Vaqtincha saqlash hibsxonasida esa birinchi tibbiy yordam uchun dori-darmon vositalari to‘liq emasligi aniqlandi.

Shuningdek, “Ombudsman quti”lariga kelib tushgan murojaatlar qabul qilinib, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, muloqotga layoqatli bemorlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari kiritiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati