O‘rganish ishlari viloyatdagi Denov nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar “Muruvvat” uyidan boshlandi. Monitoring davomida ushbu internat uyidagi birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar, jumladan, yotoq joylari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, to‘garaklar xonasi, dori-darmon vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylari o‘rganildi.O‘rganish davomida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, bir qator salbiy holatlar aniqlandi.
Shuningdek, ayrim bemorlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha ularning fikrlari eshitildi.
Navbatdagi monitoring obyekti Denov tumanidagi Ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasi bo‘ldi. Kuzatuv davomida kasalxonadagi bemorlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, xonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, davolanayotganlarning muolajalari o‘z vaqtida bo‘layotganligi hamda tibbiyot bo‘limidagi dori-darmonlarning yaroqliligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shundan so‘ng, Sho‘rchi tumanidagi Vaqtincha saqlash hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirildi. O‘rganish davomida mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, tergov va advokatlar xonasi, uchrashuv xonasidagi holatlar o‘rganildi.
Mazkur vaqtincha saqlash hibsxonasida avvalgi monitoringda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 2024 yilda IIVga taqdimnoma kiritilgan hamda hibsxona 2025 yilda to‘liq taʼmirlash uchun rejaga kiritilgan bo‘lib, dastlabki qurilish taʼmirlash ishlari boshlangan.
Surxondaryo viloyatiga tashrif doirasida Termiz shahar maʼmuriy qamoqxonasi, 9-son tergov hibsxonasi hamda Sherobod tumanida joylashgan 41-son manzil-koloniyasida ham monitoring tashriflari o‘tkazilib, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari kiritiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati