Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Monitoring tashrifi: Samarqand, Andijon, Namangan, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Joriy haftada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand, Andijon, Namangan, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tomonidan bir qator penitensiar muassasalariga monitoring tashriflari o‘tkazildi.

Monitoringlarda Samarqand viloyatidagi 37-sonli Manzil-koloniyasi va 7-son tergov hibsxonasi, Andijon viloyatida joylashgan 3-son tergov hibsxonasi, Qo‘rg‘ontepa tumani Vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy markazi Andijon mintaqaviy filiali, Jalaquduq va Qo‘rg‘ontepa bo‘limi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, Namangan viloyati Uychi tumanida joylashgan 6-son tergov hibsxonasi, Buxoro viloyatidagi 4-son tergov hibsxonasi, Surxondaryo viloyatida joylashgan Muzrabot tumani Vaqtincha saqlash hibsxonasi va mastlik holatida bo‘lgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti hamda Toshkent shahar 1- sonli “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi. Ularda jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.

Monitoring tashriflari davomida jazo muddatini o‘tayotgan va yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, sport zal, to‘garaklar xonasi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonasi, sayilgoh, tergov, advokatlar va onlayn sud xonalaridagi sharoitlar, mehnatga jalb qilingan shaxslarning ish jarayonlari, hududlardagi videkuzatuv kameralari hamda issiqlik taʼminoti holati o‘rganildi.

Shuningdek, “Ombudsman quti”laridagi murojaatlar qabul qilinib, mahkum va mahkumalar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. O‘zaro suhbatlar jarayonida yopiq muassasalardagi sharoitlar, xodimlarning muomalasi, mehnat huquqlarining taʼminlanish holati haqidagi fikrlar tinglandi.

Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati