Monitoringda mahkumlarning yashash, ovqatlanish, yaqinlari bilan uchrashuv xonalari, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda mehnat sharoitlari o‘rganilgan. Jumladan, mahkumlar ishlayotgan ishlab chiqarish obyektlaridagi sharoitlar ham o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, Manzil-koloniyadagi mahkumlarni foydali mehnatga jalb etish bo‘yicha 6 ta MCHJ bilan shartnomalar tuzilib, hozirgi kunda jami 155 nafar mahkum ishga jalb etilgan.
O‘rganishlar davomida baʼzi ishlab chiqarish obyektlarida mahkumlar uchun ajratilgan yuvinish xonalari talab darajasida emasligi hamda ovqatlanish sharoitlari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shuningdek, MCHJlar bilan tuzilgan shartnomadagi mahkumlarga inson organizmining normal hayotini taʼminlaydigan ozuqaga boy issiq ovqat bilan taʼminlash bo‘yicha shartlarning buzilayotgani maʼlum bo‘lgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud boshlig‘iga Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan edi.
Ushbu Mintaqaviy hududning Ombudsmanga maʼlum qilishicha, manzil-koloniya rahbari tomonidan ishchi guruh tuzilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan MCHJ rahbarlariga tegishli “Talabnoma” kiritilib, ishlab chiqarish obyektlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan.
Bundan tashqari, Ombudsman taqdimnomasida keltirilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani bo‘yicha Manzil-koloniyadagi 7 nafar xodimga nisbatan ogohlantirish berilgan.
Navbatdagi monitoring tashriflarida ayni holatlar qayta tekshiriladi.
Mahkumlar uchun munosib shart-sharoitlarni taʼminlash va ularning huquqlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan bu saʼy-harakatlar davlatning “Inson qadri uchun” tamoyiliga qatʼiy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati