Monitoringlarda Surxondaryo viloyatidagi 41-son manzil-koloniyasi, Navoiy viloyatidagi 12-son jazoni ijro etish koloniyasi va 36-son manzil-koloniyasi hamda Toshkent shahridagi 51-son manzil-koloniyasidagi sharoitlar o‘rganildi. Ularda jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.
Monitoringda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum va mahkumalarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, kutubxona, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar, mehnatga jalb qilingan shaxslarning ish jarayonlari hamda hududlardagi issiqlik ta’minoti holati o‘rganildi.
Shuningdek, “Ombudsman quti”laridagi murojaatlar qabul qilinib, mahkum va mahkumalar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. O‘zaro suhbatlarda jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar, xodimlarning muomalasi, mehnat huquqlarining ta’minlanish holati haqidagi fikrlar tinglandi. Holi tarza o‘tkazilgan suhbatlarda 34 nafar shaxs murojaatlari qabul qilindi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi ta’minlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati