Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taʼsir chorasi kiritilgandan so‘ng Buxorodagi qator yopiq muassasalardagi sharoitlar yaxshilandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyat “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi hamda Qorako‘l tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga amalga oshirgan monitoring tashriflarida qator kamchiliklar aniqlanib, ushbu holatlarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotga Ombudsman xulosasi kiritilgan edi.

Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Ombudsman xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyidagi bemorlar navbatdan tashqari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Stomatolog va ginekolog shifokorlari jalb etilib, bemorlarda aniqlangan kasalliklarni davolash choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, mazkur muassasaning yotoq joylarini taʼmirlash hamda bemorlar uchun sport maydonchasini qurish ishlari 2025-yil xarajatlar smetasiga qo‘shish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, bemorlar uchun qo‘shimcha 100 o‘rinli yangi yotoqxona, qishki sport maydonchasi, faollar zali hamda yaqin hududlardagi nogironligi bor shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun kunduzgi parvarishlash-reabilitatsiya binolari qurilib foydalanishga topshirilgan.

Bundan tashqari, Ombudsman tomonidan jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Buxoro viloyatida joylashgan Maxsus qabulxonaga amalga oshirilgan monitoring tashrifida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman talabnomasi kiritilgan edi.

Ombudsmanga maʼlum qilinishicha, Maxsus qabulxonaga normativ hujjatlarga muvofiq, sunʼiy shamollatish tizimi (ventilyatsiya) o‘rnatilgan, kameralarga yetarli darajada yorug‘lik tushishi taʼminlangan hamda yotoq joylari yangi ko‘rpa-to‘shak bilan taʼminlangan. Baʼzi tavsiyalar ijrosi bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati