Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Namangandagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazildi
Shu kunlarda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarning qish mavsumiga tayyorgarligi bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda. Joriy haftada Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan qator yopiq muassasalar, jumladan, Namangan viloyati ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus qabulxona, Namangan shahar hamda Uchqo‘rg‘on, Uychi, Mingbuloq, Pop va Chust tumanlarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar davomida mazkur muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlari, advokatlar xonasi, kutubxona hamda hududlarning qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.

Monitoring tashriflarida u yerda saqlanayotgan 150 nafardan ortiq shaxslar bilan jamoaviy suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga murojaat qilish istagida bo‘lgan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ta’kidlash joizki, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan yopiq muassasalarga o‘tkazilgan avvalgi monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari doimiy ravishda Ombudsman nazoratida bo‘ladi.

Masalan, Norin tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktida avvalgi monitoringda qator kamchiliklar aniqlangan edi. Ombudsmanga ma’lum qilinishicha, ushbu kamchiliklar bartaraf etilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati