Monitoring davomida mahkum va mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish shart-sharoitlari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalarini saqlash holati, shuningdek, xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi.
Shu bilan bir qatorda, Ombudsmanning Namangandagi mintaqaviy vakili tergov hibsxonasida saqlanayotgan 140 nafarga yaqin shaxs bilan jamoaviy, 6 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlashdi va murojaatlarini qabul qildi.
Bundan tashqari, hibsxonadagi “Ombudsman quti”larida qoldirilgan murojaatlar qabul qilinib, ariza mualliflari bilan ham yakka tartibda suhbatlashildi.
Monitoringda qabul qilingan barcha murojaatlar nazoratga olinib, ularni hal etish choralari ko‘rildi, ba’zi murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek, tashrif davomida mazkur muassasadagi xo‘jalik ishlariga jalb etilgan 17 nafar mahkumga “O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi” bilan hamkorlikda taom tayyorlash bo‘yicha master-klass o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati