Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent shahridagi qator yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi
2024 yilning 11-12 sentyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati xodimlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan Toshkent shahrida joylashgan Respublika klinik ruhiy kasalliklar shifoxonasi, Ichki ishlar organlarining maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasi, Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, “Mehr-saxovat” uyiga monitoring tashriflarini amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida ushbu harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi sharoitlar, jumladan, yashashi joylari, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlari, uchrashuv va yuvinish xonalarining holati, kutubxona hamda sayrga chiqish joylari ko‘zdan kechirildi.

Shu bilan bir qatorda, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashriflarida Respublika klinik ruhiy kasalliklar shifoxonasida oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya gigiyena talablariga mos ravishda saqlanmasligi hamda Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada muddati o‘tgan dori vositalari saqlanayotganligi aniqlandi.

Ombudsmanga xabar berilishicha, aniqlangan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilgan. Keyingi monitoringlarda ayni jihatlar qayta tekshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar Oliy Majlis palatalariga taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati