Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi
2024 yilning 17 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun 22 modda va bir nechta prim moddalardan iborat edi. moddama-modda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi esa  8 bob, 57 ta moddadan tashkil topgan bo‘lib, u o‘tgan yili qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilgan.

 Qonun loyihasi bilan Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining huquqiy faoliyati hamda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarning doimiy asosda ishlashi va monitoring tashriflaridagi ishtiroki belgilanmoqda.

Qolaversa, Ombudsman taʼsir choralarining turlariga aniqlik kiritilgan holda, (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda, har bir taʼsir chorasi alohida-alohida moddada aks ettirilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyatining oshishiga, uning huquqlari kengaytirilishiga va majburiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati