Baʼzi mahkumlar jazo muddatlarini xo‘jalik ishlariga jalb qilingan holda tergov hibsxonalarida o‘tashadi. Lekin, barcha tergov hibsxonalarida ham uzoq muddatli uchrashuvlar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova tomonidan Buxoro shahrida joylashgan 4-son tergov hibsxonasiga o‘tkazilgan monitoring tashrifida aynan shu holat aniqlangan. Shundan so‘ng, mahkumlar uchun uzoq muddatli uchrashuv xonalarini tashkil etish bo‘yicha Ombudsman tavsiyalari tayyorlanib, tegishli idoralarga kiritilgan edi.
Kuni kecha Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv uchun qurilgan yangi binoning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Endilikda ushbu hibsxonada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham uzoq muddatli uchrashuvdan foydalanishlari mumkin.
Ombudsman mintaqaviy vakili shu kuni mahkumlar hamda ularning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashib, xodimlarning mahkum va mahbuslarga munosabati hamda hibsxonadagi sharoitlar haqidagi fikrlarini o‘rgandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati