Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqaroning Psixonevrologiya dispanseriga majburiy joylashtirilgani haqidagi xabar tasdiqlanmadi 
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Aspekt24.uz internet nashri muharriri bir fuqaro Andijon viloyati Psixonevrologiya dispanseriga majburiy joylashtirilganligi yuzasidan murojaat qildi. Ushbu murojaat nazoratga olinib, Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga o‘rganish uchun yuborildi. 

Mintaqaviy vakil Aspekt24.uz internet nashriga murojaat qilgan fuqarolar S.P. hamda O‘.O.lar bilan shaxsan suhbatlashganda, ular 1994-yilda tug‘ilgan sotuvchi sherigi B.M. sog‘lom bo‘lishiga qaramay ota-onasi tomonidan Andijon viloyati Psixonevrologiya dispanseriga majburiy joylashtirilganligini ma’lum qilishdi. 

Ushbu murojaat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi. O‘rganish davomida fuqaro B.M.ning otasi, onasi va turmush o‘rtog‘i hamda boshqa qarindoshlari bilan suhbatlashildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, B.M.ning 2 nafar farzandi bor, qator ko‘chmas mulk obyektlarining egasi. Keyingi paytlarda uning ruhiy holatida o‘zgarishlar bo‘lganligi, xattoki, 2002-yilda tug‘ilgan va birga savdo qiladigan fuqaro O‘.O.ni o‘g‘il qilib olish haqida ko‘p gapiradigan bo‘lib qolgani sababli shu yilning mart oyida birinchi marotaba viloyat Psixonevrologiya dispanseriga joylashtirilgan. Sog‘lig‘i yaxshilanganligi sababli aprel oylari oxirida olib ketilgan. 

Lekin, ko‘p o‘tmay fuqaro B.M.ning sog‘lig‘i yana yomonlashgani sababli dispanserga qayta yotqizilgan. Bemorning yaqin qarindoshlari fuqarolar S.P. hamda O‘.O.lar B.M.ga yomon ta’sir o‘tkazganligini ma’lum qilishdi. Xattoki, ular 2024-yilning 23-may kuni Psixonevrologiya dispanseri kichik tibbiy xodimi bilan kelishib, bemor B.M.ni olib qochishga urinishgan, lekin, Shaxrixon tumani IIB profilaktika inspektori S.Azimov tomonidan to‘xtatib qolingan.

Ishchi guruh a’zolari bemor B.M. bilan ham suhbatlashishdi. U ota-onasiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini, sog‘ligi yaxshi tomonga o‘zgarganligini, shifoxonada sharoitlar yaxshi ekanligini aytib, oshnalari O‘.O. va S.P.lar shifoxonaga boshqa kelmasligini so‘ragan. 

Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2024-yil 23-may kuni bemor B.M.ni davolanayotgan joyidan qochishiga yordam bergan va boshqa kunlari ham S.P. hamda O‘.O.larni bemor oldiga kiritgani uchun 2-bo‘lim kichik tibbiy xodimi Odiljon Azizov Ombudsman talabnomasi asosida ishdan bo‘shatilgan. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati