Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman faoliyati haqida nimalarni bilishingiz kerak?
Ombudsman so‘zi - bugun rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda «inson huquqlarini himoya qiluvchi» sifatida tushuniladi. Yaʼni qonun hujjatlarining ijrosi bo‘yicha davlat organlari ustidan nazorat olib boradi.

Oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, Ombudsman institutlari ijro organlari o‘z vazifalari qay tarzda samarali bajarayotganini fuqarolar murojaatlari orqali o‘rganib, bu haqda hukumatni xabardor qiladi.

190 dan ortiq mamlakatlarda Ombudsman lavozimi joriy etilgan. Ularning vakolat vazifalari bir xil. Ombudsmanlar fuqarolar murojaatlarining ko‘rib chiqilishi bo‘yicha  davlat organlariga tavsiyaviy harakterdagi  taʼsir choralarini kiritishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi Qonunning 10 moddasiga ko‘ra, Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Yaʼni huquqlaringiz buzilsa, avval ushbu sohani tartibga soluvchi tegishli vazirlik va idoraga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz kerak. Chunki ular o‘z faoliyatlari doirasida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga masʼuldirlar. Agar fuqaro Respublika darajasida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslargacha chiqib ham o‘z murojaati bilan bog‘liq muammoni hal eta olmasa yoki murojaati yetarlicha eʼtiborga olinmasa, Ombudsmanga murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman  fuqarolar o‘rtasidagi nizoli masalalarni ko‘rib chiqmaydi. Bu kabi masalalar sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqmaydi.

Shuningdek, Vakil fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha davlat tashkilotlariga taqdimnomalar, fuqarolar manfaatida sudlarga davlat boji to‘lamasdan daʼvo arizalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga qonun hujjatlari va ularning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan masalalar kiritish va boshqa huquqiga ham ega. Konstitutsiyaga muvofiq Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida parlament quyi palatasiga kiritish huquqi berilgan.

Xorijiy tajribaga nazar solsak ko‘plab davlat Ombudsmanlari nafaqat ozodlikda, balki, mahkumlar murojaatlarini ham o‘rganadi.

2019 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Shundan buyon, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan fuqarolar sharoitlari va murojaatlari o‘rganiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, Ombudsman institutlarning faoliyati, shubhasiz, davlatning ochiqligi va hisobdorligini oshirishga, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga xizmat qiladi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati