Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 2-iyul kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Tadbirda Milliy komissiya va hududiy komissiyalar aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, NNT vakillari ishtirok etdi. Unda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash, qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini ratifikatsiya qilish ishlari izchil davom ettirildi.

Shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida ijobiy natijalarga erishilganligi qayd etildi.

Bunga yorqin misol sifatida joriy yil iyun oyida Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston XMT Yevropa mintaqaviy guruhida 194 ta ovoz bilan birinchi o‘rinni egallagani alohida taʼkidlandi.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yana-da takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, mehnat sohasida gender tenglikni taʼminlash yo‘nalishlaridagi ishlarni yana-da takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikdagi “2021-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturi”ni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, munosib mehnat masalalari bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari ham eshitildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

senat.uz