Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sobiq mahkum ishga joylashtirildi-Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Jizzax viloyatidan sobiq mahkum D.O. ishga joylashtirish va yotoq joy bilan taʼminlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakil tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganishga Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Probatsiya bo‘limi vakili ham jalb etildi.

Aniqlanishicha, fuqaro D.O. 2023 yilning yanvar oyida Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan 3 yil-u 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 2024 yilning mart oyida esa unga nisbatan Jinoyat kodeksining 74-moddasi qo‘llanilib, jazo ish haqining 20% miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan.

Natijada yashash manzili va aniq ish joyiga ega bo‘lmagan sobiq mahkum D.O. Jizzax shahrida joylashgan fermer xo‘jaligiga ishga joylashtirilib, yotoq joy hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi.

Maʼlumot uchun: JKning 74-moddasiga muvofiq, ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin. Bunda jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mahkum ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida to‘rtdan bir qismini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘llanilishi mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati