Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Navoiy viloyatidagi Konimex tumani, Musiqa maktabida o‘tkazildi. Tadbirda “Do‘stlik”, “Birlik”, “Guliston”, “Navro‘z” mahallalaridan 200ga yaqin fuqaro qamrab olindi.
Tadbirda dastlab ishtirokchilarga Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili 2023 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 75 yilligi nishonlanishi hamda ushbu xalqaro hujjatning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan uyg‘unligi haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni fuqarolar bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan imtiyozlar va amalga oshirilgan ishlar hamda yangi mehnat qonunchiligiga kiritilgan yangi normalar mazmuni bilan tanishtirishdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati