Aniqlanishicha, tergov hibsxonaning umumiy sig‘imi 300 tani tashkil qilsada, hozirgi vaqtda qamoqqa olingan shaxslar va mahkumlar 438 tani tashkil qiladi. Shundan 138 nafar qamoqqa olingan shaxslar va mahkumlar binoning taʼmir talab bo‘lib qolgan qismida saqlanmoqda.
Monitoringda mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Havo haroratining keskin isishi sababli kameralarga ventilyator joylashtirilgani aniqlandi.
Tergov hibsxonadagi xodimlar va mahkumlar uchun tashkil etilgan kutubxonalar ko‘zdan kechirilganda xodimlar uchun 704 ta va mahkumlar uchun 2992 ta kitoblar mavjudligi aniqlandi. Muassasada xo‘jalik xizmatiga jalb etilgan mahkumlar uchun qurilgan uzoq muddatli uchrashuv xonalari o‘rganilganda, u yerda barcha sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lindi. Qayd etish lozimki, avvallari tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar oila aʼzolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlarga chiqa olmas edi. Tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashishlariga yetarli sharoitlar yaratilmoqda.
Monitoring doirasida Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov tomonidan sayyor qabul ham o‘tkazildi. Qabul davomida mahbuslarning hibsxonada yaratilgan sharoitlar bo‘yicha fikrlari ham o‘rganildi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan taʼmirtalab binoda saqlanayotgan shaxslarga tegishli sharoitlar yaratish, oshxonada sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, kutubxonalarni huquqiy adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha va mahbuslar fikrlaridan kelib chiqib tegishli tavsiyalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati