Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Farg‘onada “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi
 Farg‘ona viloyatidagi “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida navbatdagi tadbir Uchko‘prik tumanidagi “Toshkentliguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari uchun tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan tashkil etilgan  mazkur tadbir mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi imtiyoz va imkoniyatlardan aholining xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir aholi bandligini taʼminlash, sog‘liqni saqlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, yangi qabul qilingan Mehnat kodeksidagi yangiliklar va o‘zgarishlarga bag‘ishlandi.

Unda fuqarolarga sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga yaratilgan qulaylik va imtiyozlar, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, bandlikni taʼminlash, ishsiz va ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlar hamda sohada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni haqida maʼlumot berildi.

Shundan so‘ng, Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Kamilov Ombudsmanga murojaat qilish usullari va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, qanday holatlarda fuqarolar manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritilishi, yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari va u yerda yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.

O‘zaro savol javob va erkin muloqot shaklida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati