Mazkur hududdan Ombudsman va uning mintaqaviy vakillariga yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida “Ombudsman maktabi”ning mavzusi va ekspertlari tanlandi.
Tadbirda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari X.A.Jalilov, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktorining birinchi o‘rinbosari U.S.Raxmatov va Shofirkon tumani hokimi o‘rinbosari A.Kazakovlar ishtirok etishdi.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili sohada keyingi ikki uch yilda qabul qilingan huquqiy normativ hujjatlar, aholi salomatligini mustahkamlash va kasalliklar profilaktikasi hamda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ishtirokchilarga gapirib berdi.
Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari X.A.Jalilov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami salomatligini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ko‘rsatilgan tibbiy yordam masalasiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi.
Taʼkidlanishicha, “Ayollar daftari”ga kiritilgan sog‘ligida muammosi bor 9 484 nafar xotin-qizlarning 2 505 nafariga dori-darmon, 277 nafariga statsionar sharoitda davolanishi imtiyozli (order) yo‘llanma berilgan. Shuningdek, 4 024 nafari ambulator sharoitda sog‘lomlashtirilgan, 33 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlar uchun 1,1 mlrd so‘m mablag‘lar sarflandi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan sog‘ligida muammosi bor 24 nafar yoshlarda yuqori texnologik jarohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 127,0 mln so‘m to‘lab berilgan.
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova mintaqaviy vakil faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi masalalarida bir qator takliflarini bildirdi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida“Ombudsman maktabi” doirasida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha takliflar ham olindi.
Shuningdek, tadbirning savol javoblar qismida bir necha fuqarolarning murojaatlari tinglanib, tadbirda ishtirok etayotgan mutasaddilari tomonidan hal etildi, baʼzilariga huquqiy maslahatlar berildi.
Tadbirda “Qalmiqon”mahalla fuqarolar yig‘ini raisi inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarning muhim ekanligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, u kelgusida bunday tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati