Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar tilanchiligini jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali bartaraf etish mumkin – Bolalar Ombudsmani
2022 yilning 16 sentyabr kuni jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Chilonzor va Shayxontohur tumanlari kesishmasi, Baynalminal ko‘chasi chorrahasida taxminan 3-4 nafar voyaga yetmaganlar yo‘lning qatnov qismida “tilanchi”lik bilan shug‘ullanayotganligi yuzasidan video xabar eʼlon qildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil mazkur videoni ko‘rishi bilanoq tegishli chora ko‘rilishi uchun uni Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimiga murojaat qildi.

Ushbu holat yuzasidan zudlik bilan Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazining masʼul xodimlari ishtirokida tezkor guruh ishlab chiqilib, voqea joyiga yuborildi.

Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 5 nafar voyaga yetmagan va 4 nafar voyaga yetgan shaxslar tuman IIO FMBga olib kelindi.

Ularning barchasi Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatda turishi maʼlum bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan to‘plangan xujjatlar asosida Bola huquqlari milliy komissiya Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va hududiy IIBga taqdimnoma kiritildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil jurnalist Ilyos Safarovga masalaga befarqlik bilan yondoshmagani va jamoatchilik eʼtiborini shu masalaga tortgani uchun minnatdorchilik bildiradi.

Aliya Yunusovaning fikricha, barchamiz tilanchilikning namoyon bo‘lishiga qarshi kurashishni boshlashimiz muhim. Biz pul berishni to‘xtatishimiz kerak. Kichkintoylar bilan tilanchilik qilishni to‘xtating, ayniqsa yo‘llarda. Bu ijtimoiy hodisaning oqibatlarini aholiga tushuntirish zarur. Insonning o‘z harakatlari uchun javobgarligini shakllantirish muhimdir. Kattalar javobgarlikka tortilishi kerak.

Qayd etish lozimki, bolalar tilanchiligi masalasi Bolalar Ombudsmanining doimiy nazoratida. Unga shu mazmundagi videolar yuborilishi bilanoq ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda vaziyatga oydinlik kiritish, qonunbuzarlarni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlarni tizimli ravishda amalga oshirilishi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak. Qolganlar ham yuqoridagi jurnalist singari ish tutsa, biz muammoni bartaraf etish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin.

Biz bolalarning ekspluatatsiyasiga ko‘z yummasligimiz kerak. Bolani ekspluatatsiya qilish — bu zamonaviy qullik, bu voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikdir. Bolalar o‘zlari duch keladigan xavflarni baholay olmaydi. Yoshi ulg‘aygan sari ularda tilanchilik pul topishning yagona va to‘g‘ri yo‘li, degan ishonch paydo bo‘lishi mumkin.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati