Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash masalasiga doir murojaati ko‘rib chiqildi.
Majlisda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2022 yil iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Komissiya tarkibi va Komissiya to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakillari va xalq deputatlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari kiritildi.
Komissiyaga rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili F.Eshmatova zimmasiga yuklatildi.
O‘tkazilgan tekshiruv natijalari eʼlon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qo‘shma majlisi o‘z ishini yakunladi.
senat.uz