Ombudsman Yuqorichirchiq tumanidagi “qulupnay” holati bo‘yicha IIB xodimlariga xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini so‘radi
Xabaringiz bor, 2022 yilning 18 aprel kuni “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan yo‘l chetida qulupnay sotib o‘tirgan sotuvchi ayollarga zo‘ravonlik qilinganligi hamda ular Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilib, 8 soatdan ortiq vaqt davomida ushlab turilganligi haqida xabarlar va video tasvirlar keng tarqaldi.
Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) nazoratiga olinib, Ichki ishlar vazirligiga video tasvirlarda qayd etilgan holatni o‘rganish va Yuqorichirchiq tumani ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha murojaat qildi.
Ushbu holat yuzasidan jamoatchilik va OAVga batafsil maʼlumot taqdim etilishini maʼlum qilamiz.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati