Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti o‘rtasida memorandum imzolandi
Joriy yilning 14 iyun kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti o‘rtasida memorandum imzolandi.

Maʼlumki, Davlat rahbari tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada qiynoqlarning oldini olish borasida Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi va natijalar bo‘yicha Parlamentga axborot taqdim etishi belgilangan.

Taʼkidlanishicha, har ikkala tashkilot o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, mahkumlarning jinoyat ijroiya qonunchiligida belgilangan huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasining kafolatlarini kengaytirish bo‘yicha samarali hamkorlikni davom ettirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Jazoni ijro etish Departamenti boshlig‘i Rustam Tursunov o‘z so‘zida Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspert guruhining jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davomida berib kelayotgan o‘rinli taklif va tavsiyalari, hamkorlik istiqbollarini yuqori bosqichga olib chiqish yo‘lida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarini yuqori baholab, mazkur muhim hujjat ham Ombudsman va Jazoni ijro etish departamenti o‘rtasidagi munosabatlarning izchil va bosqichma-bosqich rivojlanishiga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning taʼkidlashicha, 2019 yilda tashkil etilgan Milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirilgan monitoringlar orqali jazoni ijro etish muassasasidagi kamchiliklar bartaraf etilib, mahkum va mahbuslarga yaratilgan shart-sharoitlar yaxshilanib bormoqda. Qolaversa, xodimlarning ham jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga nisbatan munosabati ijobiy tomonga o‘zgargan.

Shuningdek, Ombudsman o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini taʼkidlaganliklari va bu borada har ikkala davlat tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ustida yana-da samarali ishlashimiz zarur ekanini qayd etdi.

Tadbir doirasida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti jazoni ijro etish muassasalaridagi sexlarda mahkumlar tomonidan egallangan kasb-hunarlari asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati