Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent viloyatidagi 3 ta jazoni ijro etish muassasalari o‘rganildi 
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida Ombudsman zimmasiga harakatlanish cheklangan yopiq muassasalarda qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha monitoring tashriflarini amalga oshirish va bu haqda Parlamentga har chorakda axborot taqdim etish belgilangan.

Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Ombudsman va uning huzurida faoliyat olib boruvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda. Navbatdagi monitoring Ombudsman Kotibiyatining Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish faoliyatiga ko‘maklashuvchi sektor xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 44-son, Zangiota tumanidagi 46-son va Ohangaron tumanidagi 48-son Manzil-koloniyalariga amalga oshirishdi.

Monitoring tashrifi davomida ushbu koloniyalarda avval o‘tkazilgan tashriflar davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganligi, jumladan Intizomiy bo‘linma, yuvinish joylari va hojatxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi va bu joylarda taʼmirlash ishlari olib borilib, o‘rnatilgan meʼyor talablariga javob berish holatlari o‘rganildi. O‘rganish davomida, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganligi, yuvinish joylari va hojatxonalarda taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi hamda koloniyalar hududida obodonlashtirish ishlari o‘tkazilganligi maʼlum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, koloniyalardagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar bilan jamlagan kutubxonalar hamda mehnat qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar o‘rganildi.

Shuningdek, koloniyalardagi Tibbiyot bo‘linmalari va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilib, karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi mamlakatimizda saqlanib qolayotgani sababli, ajratilishi zarur bo‘lgan dori-darmonlar taʼminoti tekshirildi.

Monitoring doirasida, “Ombudsman qutisi” ko‘zdan kechirildi, 12 nafar mahkum bilan shaxsiy hamda 100 dan ortiq mahkum bilan ommaviy qabullar o‘tkazildi.

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish borasida Ombudsman tomonidan monitoring tashriflari davom ettiriladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati