Tadbirda dunyoning 50 ta davlatlaridan bola huquqlarini himoya qilivchi milliy institutlar va xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC) hamda YUNISEF tashabbusi asosida Yevropa va Markaziy Osiyodagi Bola huquqlarini taʼminlovchi idoralar yaʼni Bolalar Ombudsmanlari tomonidan COVID-19ning Bola huquqlarini taʼminlashga taʼsirini baholash (Child Rights Impact Assessments (CRIAs)) bo‘yicha loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Maʼlumot uchun: ENOC – Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC) - bu bolalar huquqlarini himoya qilish mustaqil institutlarining (ICRI) notijorat birlashmasi. Uning vakolati BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida keltirilgan bolalar huquqlarini targ‘ib qilish va himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat. ENOCga hozirda 34 ta davlatdan 43 ta bolalar huquqlari bo‘yicha milliy istitutlar aʼzo.
Bunda baholash muayyan belgilangan joylarda bolalarning o‘ziga xos zaif guruhlarini, shu jumladan muassasa parvarishidagi, hibsga olingan yoxud yopiq muassasalarda saqlanayotgan, zo‘ravonlik taʼsiriga uchragan, majburiy mehnatga jalb etilgan yoki migratsiya paytida ushlangan bolalarni huquqlarini taʼminlanish darajasini baholashni qamrab oladi.
Tadbirda o‘zaro COVID-19 vaqtida bolalarning huquqlari yaʼni, ularning taʼlim olishi, oilada huquqlarini taʼminlanishi, shuningdek, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, migrant bolalarning huquqlari qay darajada taʼminlanganligi holatlari hamda milliy institutlarning tajribasi yuzasidan fikr almashinildi. Shuningdek, COVID-19 kabi inqirozli vaqtlarda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlatlarning tajribasini o‘rganish bo‘yicha loyihani amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shotlandiyaning bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha vakili, ENOCning amaldagi raisi Bryus Adamson tomonidan loyiha yuzasidan barcha davlat tajribasi o‘rganilishini va ushbu loyixaga Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalari ishtirok etish uchun taklif qilingani maʼlum qilindi.
Bryus Adamson bola huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ENOCga aʼzo bola huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan bola huquqlarini himoya qilish sohasida keng qamrovli hamkorligini yo‘lga qo‘yish hozirda ustuvor vazifa ekanligini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati