Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qoraqalpog‘istonda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi.
2025 yilning 18–19 sentyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari, Devон xodimlari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preven­tiv mexanizmi doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu jarayonlarda OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

2 kunlik o‘rganish davomida 2-sonli tergov hibsxonasi, Xo‘jayli tuman IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSH), Nukus shahar IIO FMB VSH, 27-son manzil-koloniyasi, Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona, Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, Nukus shahar va Qanliko‘l tumani mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1-son ruhiy-asab kasalliklari dispanseridagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring tashriflari chog‘ida tergov hibsxonasi va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi. Shuningdek, kameralar holati, kuzatuv tizimlari, ko‘rikdan o‘tkazish tartiblari hamda tibbiy xonalar holati o‘rganildi.

27-son manzil-koloniyasida mehnatga layoqatli mahkumlarning ish bilan ta’minlanishi, ovqatlanish va tibbiy xizmatdan foydalanish tartibi, shuningdek, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘rib chiqildi.

Nukus shahridagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti, ruhiy-asab kasalliklari dispanseri hamda reabilitatsiya markazida esa fuqarolarning ijtimoiy, tibbiy va maishiy sharoitlari tahlil etildi.

Monitoring jarayonida “Ombudsman qutilari” orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi, ayrim muassasalarda sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari eshitildi.

Tashriflar davomida avvalgi monitoringlarda berilgan tavsiyalarning ijrosi ta’minlangan holatlar qayd etildi.

Monitoring natijalari yuzasidan mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi ta’minlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati.