Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Murojaatchi uyiga yaqin hududda boshlangan qurilish ishlari to‘xtatildi - Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi fuqaro A.S. xonadoni oldidan atiga 5 metrlik masofa uzoqligida qurilish boshlanganidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Murojaat nazoratga olinib, joyiga chiqib o‘rganish uchun Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakiliga yo‘naltirildi.

Holat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi. Ishchi guruh tarkibiga Asaka tumani hokimligi, arxitektor, Kadastr agentligining Asaka tuman bo‘limi, “Axtachi” MFY raisi, hududiy profilaktika inspektori jalb etildi.

O‘rganish davomida dastlab, qurilishga oid hujjatlar so‘ralganda tadbirkor tomonidan ular taqdim qilina olmadi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Andijon viloyati Asaka tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limiga Ombudsman so‘rovi kiritildi.

Ombudsmanga ma’lum qilinishicha, mazkur qurilish loyihasi bo‘yicha Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanmagan, ob’yekt Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashidan o‘tkazilmagan hamda tegishli ruxsatnoma olinmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi “Qurilish sohasiga oid ayrim ma’muriy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda kelishmasdan bino-inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish ta’qiqlanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqaro murojaati ijobiy hal qilinib, aholi yashash hududiga yaqin masofada boshlangan qurilish ishlari to‘xtatildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati