Monitoringda ushbu muassasada saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, uchrashuv xonasidagi holatlar o‘rganildi. Aniqlanishicha, hibsxonaga o‘rnatilgan barcha videokuzatuv kameralari soz holda va markazga ulangan.
Monitoring o‘tkazilgan kuni vaqtincha saqlash hibsxonasida belgilangan sig‘imdan ortiq shaxslar saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy hamda 10 nafarga yaqin gumonlanuvchilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy vakil tomonidan Uychi tumanida joylashgan 6-son tergov hibsxonasiga ham monitoring tashrifi o‘tkazilib, muassasada saqlanayotgan mahkum va mahkumalar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi va “Ombudsman qutisi”dagi murojaatlar qabul qilindi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, xususan, VSHda joriy taʼmirlash ishlarini olib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati